13:58 05.12.2024Namangan shahrida aholi uchun yangi turar-joylar va savdo markazlari barpo etish ishlari izchil amalga oshirilmoqda. “Gavhar stroy 1” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan shaharda 10 qavatli 2 ta turar-joy binosi qurilishi olib borilmoqda. Loyiha doirasida jami 120 ta xonadon va zamonaviy savdo shahobchalari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Qurilish jarayonlari bilan Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxodjayev va shahar prokurori Qobiljon Axmadjanov tanishib, loyiha doirasidagi ishlar koʻlamini va ularning amalga oshirilish jarayonini koʻzdan kechirdilar.
Ishchi guruh rahbari tomonidan joylardagi masalalarni tezkorlik bilan hal qilish va uylarni belgilangan muddatda, sifatli ravishda topshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Binolar zamonaviy qurilish standartlari asosida, barcha qulayliklarni hisobga olgan holda qurilayotgani aholining hayot sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.