12:55 25.11.2024Namangan shahrida taʼlim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda shahar hokimi Anvarjon Otaxodjayev, viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rahbari Azamjon Isaqov hamda taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirok etishdi.
Yigʻilishda Namangan shahar maktabgacha va maktab taʼlim boʻlimi boshligʻi lavozimiga Shohista Turgʻunova tayinlandi. Unga yangi lavozimda taʼlim sifatini oshirish va tizimdagi asosiy vazifalarni amalga oshirish boʻyicha muhim masʼuliyatlar yuklatildi.
Shuningdek, davlat rahbari tomonidan taʼlim sohasiga koʻrsatilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlar samarali foydalanish tushuntirildi. Yigʻilishda yangi oʻquv yili uchun belgilab berilgan vazifalar qatorida taʼlim sifatini yanada yaxshilash, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish va taʼlim muassasalari infratuzilmasini takomillashtirish kabi dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Yigʻilish yakunida shahar hokimi masʼullar, taʼlim tashkilotlari rahbarlariga oʻz vazifalarini samarali bajarish, oʻqituvchilar va tarbiyachilar malakasini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.