17:50 18.11.2024Mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga 33 yil toʻldi. Bu sana davlatimiz mustaqilligini va uning xalqaro maydondagi nufuzini ifoda etuvchi muhim voqea hisoblanadi. Davlat bayrogʻi mamlakatimizning taraqqiyoti va xalqimiz birligining belgisi sifatida xizmat qilib kelmoqda.
Davlat bayrogʻi Oʻzbekistonning oʻtmishi, buguni va kelajagini ifoda etadi. U yurtimizda yashovchi turli millat va elatlarni yagona gʻoya va maqsad atrofida birlashtiruvchi ramz sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashda bayroqning oʻrni beqiyos.
Namangan viloyatida Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun keng nishonlandi. Tantanalar Davlatobod tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida tashkil etilib, unda harbiy orkestr, bayrogʻdorlar, maxsus texnikalar paradi boʻlib oʻtdi. Ular bayroqni baland koʻtarib, shahar koʻchalari boʻylab harakatlanib oʻtdilar. Bu manzara fuqarolarga bayramona kayfiyat bagʻishladi.
Tadbirni Namangan viloyati hokimi oʻrinbosari Gʻulomjon Murodxodjayev ochib berdi. U oʻz nutqida bayroqning ahamiyatiga alohida toʻxtalib, uning davlatchilik tarixidagi oʻrni haqida soʻz yuritdi. Bayroq – ozodlik, jasorat va taraqqiyot timsoli ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun Namanganda koʻtarinki ruhda nishonlandi. Tadbirlar jamoatchilik uchun foydali va tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlib, bayroqqa boʻlgan hurmat va uning tarixiy ahamiyatini yanada chuqurroq anglashga imkon yaratdi.
Tadbirdan soʻng maxsus texnikalar va bayroq bilan bezatilgan avtokarvon shahar koʻchalari boʻylab yoʻl oldi.
Namangan shahar hokimligi
Axborot xizmati