14:52 01.11.2024Bugun Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida festivalning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda viloyat hokimining oʻrinbosari Botirjon Nuritdinov, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Muhayo Hayitova soʻzga chiqib, asalarichilik sohasidagi rivojlanishlar, yurtimizda asal yetishtirish istiqbollari va festivalning ahamiyati haqida gapirib oʻtdilar.
Shuningdek, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi, qoʻshni Qirgʻiz Respublikasidan tashrif buyurgan mehmonlar ham Namangan, xususan, har yili oʻtkazilish anʼanaga aylanib borayotgan xalqaro “Asal festivali” haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Taʼkidlash joiz, bu yilgi festivalda 250 dan ortiq mahalliy va xorijiy asalarichilar oʻz mahsulotlarini taqdim etmoqda. Ular orasida Qirgʻiz, Qozogʻiston respublikalari va Rossiyadan kelgan soha vakillari koʻpchilikni tashkil etadi.
Festival doirasida asalarichilikka bagʻishlangan ilmiy-amaliy konferensiyalar, sport tadbirlari, konsertlar, mahorat darslari va turli tanlovlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Festival 3 kun davom etadi va unga 2,5 mingga yaqin xorijiy va 10 mingga yaqin mahalliy sayyohlar tashrifi kutilmoqda!
Maʼlumot uchun: 2024-yilda respublikada eksportga chiqarilgan asalari paketlarining 58,5 foizi Namangan viloyati hissasiga toʻgʻri keladi.
Namangan shahar hokimligi
Axborot xizmati